FILIAL DIREKTORINING TALABALARGA MUROJAATI

Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali direktori murojaati

Qadrli talabalarimiz!

Sog` omonmisizlar?

Shu kunlarda butun dunyoni jiddiy xavf ostida qoldirgan va epidemiya tarzida tarqalayotgan "Koronavirus" infeksiyasidan saqlanish eng ustuvor, dolzarb vazifadir. Agar bu kasallikning oldi olinmasa u odamdan odamga tez yuqishi ayon ekanligi isbotlandi. Shuning uchun ham barchamiz birdamlikda kurashishimiz darkor! Bu kasallikni oldini olish uchun eng avvalo sanitariya-gigiena qoidalariga qat'iy rioya qilishingizni so`rayman. Ayniqsa honadonlaringizni dezinfeksiya qilish ishlarini izchil, uzluksiz ravishda tashkil qilishingizni iltimos qilaman!

Aziz talabalar!

Bizning sog`ligimiz uchun qancha insonlar tinimsiz xizmat qilyapti. Sizdan iltimos ularning beminnat xizmatlarini qadrlang. Zarurat bulmasa, uyingizda qoling, uyingiz-eng xavfsiz qo`rg`ondir!

Sizlar uchun Ustozlaringiz ta'tilga chiqqanligingiz munosabati bilan o`quv jarayonini uzluksizligini ta'minlash hamda sizlarning bilish darajangizni masofadan turib qo`llab-quvvatlash maqsadida masofaviy moodle.ubtuit.uz tizimini ishga tushirdi. Mazkur tizim orqali siz bilim va ko`nikmalaringizni mustahkamlashga muvaffaq bo`lasizlar. Bu tizimda kirib foydalanish uchun login parol olishga ulgurmagan bo`lsangiz dekanatga murojaat etishingiz mumkin. O`zimizning bazadan tashqari Coursera.com, intuit.ru, algo.ubtuit.uz kabi ta'lim kurslarini o`qib zamonaviy bilimlaringizni boyiting; Scopus, Web of Science bazalarga kirib sohangiz bo`yicha yangi ilmiy tadqiqotlar bilan tanishing! Qadrli vaqtingizni bexuda o`tkazmang!!!

Shuni unutmangki, o`zbek xalqi doimo mehr-oqibatli, diyonatli va saxovatpeshaligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Ayniqsa, bu kabi hislatlar sinovli davrlarda juda ko`p kuzatiladi. Shunday ekan keling bir-birimizga hamdard bo`lib jipslashaylik!

Axborot texnologiya sohasini rivojlantirish bizning qo`limizda, kelgusida ulkan rejalarimiz bor! Ularni ro`yobga chiqarish faqat sizlar bilan amalga oshadi. Unutmang, Siz O`zbekiston kelajagisiz!

Hammangizga, yaqinlaringizga sog`lik-omonlik tilagan holda tez kunlarda yana diydorlashish onlarini kutib qolaman!

Hurmat va ehtirom ila,

Baydjanov Maqsud Islomjonovich!