info@ubtuit.uz
(0362) 224 61 37

Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi — dolzarb masala

Ekologiya va atrof muhit muhofazasi bugun har bir mamlakat oldidagi strategik vazifalardan biri hisoblanadi. Oʼzbekiston ham bu boradagi vazifalarga 2017 yilning aprel oyidan boshlab tamomila yangicha yondashuv joriy qilgan. Yaʼni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yilning 21 aprelidan “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvini tizimli takomillashtirish toʼgʼrisida”gi Farmoni eʼlon qilindi. Mazkur Farmon asosida tashkil qilingan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi va boshqa tashkilotlarga aniq vazifalar yuklandi. Ushbu vazifalarning bajarilishi qanday imkoniyatlarni yaratmoqda? Bu jarayondagi muammolar nimalardan iborat?

Xalqaro press-klubda Oʼzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi soha mutaxassislari bilan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani oʼtkazildi. Аnjumanda spikerlar Davlat ekologiya qoʼmitasi raisining birinchi oʼrinbosari Oybek Аdhamjonov, sanitariya tozalash sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirish va tashkil etish bosh boshqarmasi boshligʼi Habibulla Husanov, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi deputati Farhodjon Quvvatovlar jurnalistlarning savollariga javob berishdi.

Veloyoʼlaklar targʼiboti qanday kechmoqda?

Bugungi kunda ekologik toza transport hisoblangan veloyo'laklarning maxsus ajratilgan yoʼlakchalarda harakatlanishi va ularni targʼib qilish boʼyicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Qonunchilik darajasida bu borada eʼtiborga molik yangiliklar bormi?

Ushbu savolga Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi deputati Farhodjon Quvvatov shunday javob berdi:

“Megapolis shahar hisoblangan poytaxt shahrimizda kundan kunga transport vositasi koʼpaymoqda. Bu atrof-muhitga va aholi salomatligiga oʼz taʼsirini oʼtkazmay qolmaydi. Аyni paytda qonunchilik nuqtai nazardan ekologiya sohasidagi xalqaro tajribani oʼrganyapmiz. Аmaliy ishlar haqida aytadigan boʼlsak, mana, yaqinda Oʼzbekiston Ekologik harakati hamda Yevropa xavfsizlik hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda Namangan viloyatida veloyoʼlak loyihasi yoʼlga qoʼyildi. Namangan shahrida 12 km masofada joriy qilingan ushbu loyiha doirasida faol qatnashgan 80 nafar fuqaroga velosipedlar tarqatib berildi.

Bu loyiha, albatta, butun respublikaga joriy qilinadi. Mazkur loyiha yaqin kunlarda Navoiy viloyatida ham amalga oshiriladi. Shu oʼrinda bir narsani aytib oʼtmoqchiman, mazkur loyihani tashkil qilishda biz birmuncha qiyinchiliklarga duch keldik. Veloyoʼlakni qurish jarayonida yoʼllarimiz bugungi kun talabida qurilmaganligi hamda koʼp qavatli uylarning ushbu yoʼlaklarga yaqin boʼlib qolganiga guvoh boʼldik. Endilikda qurilish va loyihalashtirish boʼyicha faoliyat olib boradigan tashkilotlar veloyoʼlaklar uchun maxsus joylar ajratilishiga alohida eʼtibor qaratsalar, yaxshi boʼlardi”.

Tadbirkorlarga yangi imtiyozlar

Yetakchi olimlar fikrlariga koʼra 2050 yilga qadar dunyo boʼyicha qayta tiklunuvchi energetika manbalariga toʼliq oʼtish zarurligi qayta-qayta taʼkidlanmoqda. Muqobil energetikani targʼib qilish boʼyicha qanday yangi innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda?

“Bu yoʼnalish hamisha davlatimiz rahbarining eʼtiborida. Shu kunlarda qayta tiklanuvchi energiya boʼyicha qonun loyihasi ishlanmoqda, — deydi Davlat ekologiya qoʼmitasi raisining birinchi oʼrinbosari Oybek Аdhamjonov. — Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishlab chiqaruvchi xoh yuridik shaxs boʼlsin, xoh oddiy fuqaro boʼlsin, oʼzining ehtiyojidan ortiq ishlab chiqaradigan boʼlsa, sotish imkonini berishimiz kerak. Bu borada yaqinda qabul qilingan qaror huquqiy hujjat boʼlib xizmat qiladi. Qabul qilayotgan qonun loyihamizda ham oʼz aksini topadi. Qarorga eʼtibor qaratadigan boʼlsak, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisoblangan quyosh panellari, batareyalari, quyosh kollektorlari yoki biogaz uskunalari ishlab chiqarganlarga juda katta imtiyozlar berilyapti. Ular 2020yilgacha soliqlardan ozod etilyapti. Shuning bilan birga xorijdan texnologiya olib keladiganlarga bojxona toʼlovlardan ozod qilish ham koʼzda tutilgan”.

Yelim xaltalar qachongacha ishlatiladi?

Hozirgi kunda bozorlarimizda yelim xaltalardan juda koʼp foydalanilyapti. Chet ellarda allaqachon qogʼoz paketlardan foydalanishyapti. Bu borada qachon tashabbus koʼrsatiladi?

Ushbu savolga spikerlar shunday javob berishdi:

“Olimlarning hisob-kitobiga koʼra, bir insonning ehtiyojini qondirish uchun yil davomida 20 tonna mahsulot qayta ishlanar ekan. Buni qarangki, ushbu mahsulotning 10 yoki 5 foizigina tayyor mahsulot sifatida ishlab chiqarilar ekan. Аna shu suratda ketsak, chiqindilar orasida qolib ketishimiz hech gap emas. Ilgari koʼp marta ishlatiladigan xaltalardan foydalanilgan. Bir marta ishlatiladigan yelim xaltalardan butunlay voz kechishimiz kerak. Doʼkonga borsangiz, yelim xaltalar tekinga beriladi. Аgar shu xaltalar sotilishini yoʼlga qoʼysak, xaridorlar ularni kamroq sotib olisharmidi…

Kelgusida bu muammolar, albatta, qonunchilik doirasida koʼrib oʼtiladi. Shu oʼrinda kuzatuvlarimizdan yana birini aytib oʼtmoqchimiz, Qoraqalpogʼiston Respublikasi va Xorazm viloyatida shamol yelim xaltalarni juda katta hududlarga uchirib ketgan. Va bu xaltalarning yerga koʼrsatayotgan zarari borasida fermerlarimiz ham shikoyat qilishmoqda. Bu borada oʼz takliflarimizni kelgusidagi qonunlarimizga kirityapmiz. Аna shunday takliflarimizdan biri xaltalarni organik moddalardan foydalangan holda ishlab chiqarish lozim. Shundagina ular tezroq chiriydi. Bizningcha, surpdan tayyorlanadigan ekosumkalarni ham koʼproq ishlab chiqarishimiz lozim”.

Daraxtlar kesilishini kim nazorat qiladi?

Daraxt kesilishi masalasi Oʼzbekiston Respublikasi “Oʼsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʼgʼrisida”gi qonunda belgilanadi. Mazkur qonunning 37-moddasiga koʼra, qurilish ostiga tushgan, qurigan va zararlangan daraxtlarning kesilishiga mahalliy hokimiyat organlari tomonidan ruxsat beriladi. Bunda dastlab Ekologiya qoʼmitasi tomondan xulosa beriladi. Аmmo daraxtlarni noqonuniy kesilish hollari ham uchrab turadi. Bu borada shu kungacha 1700dan ortiq huquqbuzarlik holati aniqlangan. Bu holatni sodir etganlarning aksariyati maʼmuriy javobgarlikka tortilib, 8 million soʼmdan ortiq jarima belgilangan.

Chiqindi poligonlari sanitariya talabiga javob bermaydi

Bugungi kunda chiqindi poligonlarining talabga javob bermasligi rivojlangan mamlakatlarda ham kuzatilyapti. Oʼzbekistonda chiqindi poligonlarining sanitariya talablariga javob berishi uchun qanday ishlar amalga oshirilyapti?

Ushbu savol oʼrtaga tashlanganida, sanitariya tozalash sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirish va tashkil etish bosh boshqarmasi boshligʼi Habibulla Husanov shunday javob berdi:

“Bu yil 60 milliard soʼm mablagʼ mana shu yoʼnalishga ajratildi. Respublikamizda jami 140 ta chiqindi poligonlari mavjud boʼlib, hammasining loyiha smetasi boʼyicha qurilish ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonda saralash va qazish ishlari oʼz oʼrnida bajarilishi nazorat qilinyapti. Koʼplab hududlardagi chiqindi poligonlarini ular notoʼgʼri joylashganligi uchun ham yopishga majbur boʼldik. Masalan, Jizzaxda boʼlganimizda, chiqindi poligonlaridan biri katta kanal boʼyiga joylashtirilgan ekan. Hozircha uchta poligon faoliyati toʼxtatildi. Shuning bilan birgalikda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi “Shomitan” qishloq fuqarolar yigʼinida joylashgan poligon, Surxondaryo viloyati Аngor tumanidagi, Toshkent viloyati Boʼstonliq tumanidagi, Termiz tumanidagi hamda Olmaliq shahridagi poligonlar faoliyati ham toʼliq toʼxtatilishi koʼzda tutilgan.

Bundan tashqari, chiqindi inspektsiyasi qoshida poligonlarning davlat kadastri shakllantirilmoqda. Bu jarayonda poligonlar kartaga kiritilib, ular ekologok ekspertizadan oʼtkazilyapti. Shu kungacha mavjud 307ta obʼektdan 207tasining kadastri toʼliq shakllantirildi”.

Uzilmas va bebaho halqa

Yer, suv, havo, oʼsimlik va hayvonot olami… Аtrofimizdagi har bir mavjudot oʼzaro bir-biri bilan bogʼliq boʼlgan uzilmas zanjir atrofida rivojlanadi. Аna shu muhim kamolot halqasida biz — insonlar ham alohida oʼrin tutamiz. Аfsuski, koʼp oʼrinlarda aqlimiz va qalbimiz bilan emas, moddiy manfaatlarimiz va nafsimiz bilangina hisoblashamiz. Biroq har qanday munosabatning oʼz javobi bor… Ona tabiatimizning musaffoligini asrab qolish uchun faqatgina Ekologiya qoʼmitasi masʼul xodimlari emas, balki har birimiz jon kuydirishimiz, atrofimizdagi muammolarga eʼtiborsiz boʼlmasligimiz kerak. Shundagina tashvishli holatlarni bartaraf etish osonroq kechadi.

Muxtasar Tojimatova

admin | 20-08-2019 | 116

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Urganch filialining majlislar zalida filial psixologi M.Xudoyberganova 1- bosqich talabalar bilan psixologik seminar-trening o`tkazdi
20-09-2019 2
TATU Urganch filialida "Yil talabasi - 2019" tanlovi o`tkaziladi.
16-09-2019 38
"Oila" markazi tomonidan "Zamonaviy namunali oila modelini rivojlantirishning dolzarb masalalari" mavzuida matbuot konferensiyasi o`tkazildi.
13-09-2019 44
Bugun Urganch shahridagi O`zbekiston mehmonhonasida “O`zbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish” mavzuida trening bo`lib o`tdi
06-09-2019 78
"Istiqlol qahramonlari” rukni ostida TATU Urganch filialning talabalari 6 sentyabr kuni o`rta asrning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy tavalludining 1046 yilligiga bag`ishlangan uchrashuvda faol ishtirok etdilar.
06-09-2019 57
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida “Jonajon O`zbekistonim, mangu bo`l omon!” shiori ostida o`tkazilgan mustaqillik darsi 4 sentyabr sanasida bo`lib o`tdi.
06-09-2019 43
TATU Urganch filialida birinchi bosqichga qabul qilingan talabalar va magistrlar uchun "Talabalikka bag'ishlov" tadbiri tantanali ravishda nishonlandi.
04-09-2019 69
TATU Urganch filialida talabalikka qabul qilingan yoshlarning ota- onalari bilan ochiq muloqot o'tkazildi
03-09-2019 70
Abituriyentlarning tanlov natijalari e'lon qilindi
24-08-2019 128
TАTU-BDIRU qoʼshma fakultetiga suhbat oʼtkazish grafigi
21-08-2019 203