info@ubtuit.uz
(0362) 224 61 37

Ekologik xayriya hashari


Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolbo’yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo’yicha ko’p tomonlama sheriklik asosida trast fondining tuzilishi o’zbek diplomatiyasining katta yutug’i bo’ldi. Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ekologik xavfsizlik, suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish e'tiborimiz markazida turishi zarurligi xususida alohida to’xtalib o’tilgan edi.
Yurtimiz bo’ylab boshlangan umumxalq ekologik xayriya hashari Orolbo’yidagi ekologik halokat oqibatlarini yumshatish borasidagi tashabbuslar va sa'y-harakatlarni qo’llab-quvvatlash, mintaqadagi ekoholatni va aholining yashash sharoitlarni yaxshilashga qaratilgani bilan hamiyatlidir.
Mazkur ekologik xayriya hashari O’zbekiston Ekologik harakati, Respublika “Mahalla“ xayriya jamoat fondi, “Nuroniy“ jamg’armasi, Yoshlar ittifoqi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo’mitasi, O’zbekiston ekologik partiyasi, O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda “Yurtimizni yanada obod qilaylik!” shiori ostida tashkillashtirildi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali 56 nafar professor-o’qituvchilari, 761 nafar talabalari va 28 nafar ishchi xodimlar faol ishtirok etgan umumxalq xayriya hashari davomida filialning umumiy 2,2 ga hududida keng ko’lamda obodonlashtirish, ko’kalamzorlashtirish, ariqlar va sug’orish tarmoqlarini chiqindilardan tozalash hamda o’quv binosi auditoriyalari, Talabalar turar joyi sektsiyalari tozalandi hamda hududdan jami 0,8 tonna chiqindi chiqarib tashlandi.
Filial Yoshlar ittifoqi boshlang’ich tashkiloti tashabbusi bilan jami 18 nafar faol talaba Urganch shahri Аmir Temur bog’i va Ko’zli ota ziyoratgohi hududida obodonlashtirish ishlarida qatnashdilar.

admin | 26-01-2019 | 3043