info@ubtuit.uz
(0362) 224 61 37

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida

O’zbekiston Respublikasi prezidenti “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorni imzoladi.

O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirligi, Suv xo’jaligi vazirligi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligining takliflari asosida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (keyingi o’rinlarda Institut deb ataladi) uning Buxoro filiali va akademik litseylari bilan birgalikda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tizimiga o’tkazildi.

Quyidagilar Institut va uning Buxoro filialida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashning ustuvor yo’nalishlari etib belgilandi:

suv xo’jaligida innovatsion resurstejamkor texnika va texnologiyalarni qo’llash, geodeziya va geoinformatika, daryo va suv omborlari gidrologiyasi bo’yicha yangi va zamonaviy bilimlarga ega bo’lgan oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash;

o’quv-laboratoriya bazasini modernizatsiyalash, o’quv rejasi va fan dasturlarida soha bo’yicha zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, yuqori unumli va resurstejamkor ilg’or texnologiyalar bo’yicha bilimlarni aks ettirish, ta’lim berish jarayonida nazariya va amaliyot birligini ta’minlash orqali oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish;

talabalarga ta’lim yo’nalishlari va mutaxassisliklari bo’yicha sohada amalga oshirilayotgan modernizatsiya va joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalarga oid yangi bilim va ko’nikmalarni singdirgan holda sifatli ta’lim berish;

professor-o’qituvchilarning kasbiy bilimi, pedagogik mahorati va ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirish, xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarida professor-o’qituvchilar, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning malakasini oshirish va stajirovkalarini tashkil etishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;

fan, ta’lim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta’minlash orqali manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy-texnik vazifalarni hal etishga yo’naltirilgan amaliy va innovatsion izlanishlarni amalga oshirish;

soha uchun kadrlar tayyorlashning uzviy tizimini yaratish, biriktirilgan akademik litsey va kasb-hunar kollejlari ta’lim dasturlarining uzluksizligi va izchilligini ta’minlash, ularda sifatli ta’lim berilishini tashkil etish; 

oliy ta’lim muassasalarini bitirayotgan kadrlarni uz mutaxassisligi bo’yicha ishga yo’naltirish, ularning kasbiy faoliyati monitoringini tizimli tashkil etish.

Belgilanishicha, Institut va uning Buxoro filialida amalga oshiriladigan qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg’armasi mablag’lari hisobidan amalga oshiriladi.

2018G’2019 o’quv yilidan boshlab Institut hamda uning Buxoro filialida qishloq va suv xo’jaligi bilim sohasi magistratura mutaxassisliklariga qabul O’zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun to’liq davlat granti asosida amalga oshiriladi.

Quyidagilar Institut va uning Buxoro filialida yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo’yicha kadrlar buyurtmachilarining asosiy vazifalari etib belgilandi:

korxona va tashkilotlar ob’ektlarida talabalarning amaliyotini tashkil qilish va ustoz-shogird tizimi asosida o’tilishini ta’minlash hamda talabalarni ishlab chiqarishning yangi me’yoriy hujjatlari, zamonaviy informatsion dasturiy ta’minot mahsulotlari bilan yaqindan tanishtirish;

ishlab chiqarish korxona va tashkilotlaridan tayinlangan malakaviy amaliyot rahbarlariga asosiy ish joyidan qo’shimcha ish haqlarini tayinlash;

manfaatdor vazirlik va idoralar tasarrufidagi boshqarmalar va ularning tarkibidagi korxona va tashkilotlardan malakali, tajribali mutaxassislarni ta’lim jarayonida ishtirokini ta’minlash;

korxona va tashkilotlarda professor-o’qituvchilarning stajirovkalari uchun shart-sharoitlar hamda kafedralarning filiallarini tashkil etish va amaliy mashg’ulotlar o’tish imkoniyatini yaratish.

Kadrlar buyurtmachilari talaba bilan o’qishni bitirganidan so’ng 5 yil ishlab berish majburiyatini belgilovchi shartnoma tuzish orqali uning bazaviy to’lov kontraktini 2-bosqichda kamida 50 foiz, 3-bosqichda kamida 75 foiz va 4-bosqichda 100 foiz miqdorda to’lab berishi mumkinligi qayd etildi.

Toshkent shahar, Mirzo Ulug’bek tumani, Qori Niyoziy ko’chasi 39a-uyda joylashgan Toshkent iqtisodiyot va biznes kasb-hunar kollejining bino- inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda talabalar turar joyi sifatida foydalanish uchun Institutga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin beriladi.

Manba:  kun.uz

admin | 25-05-2018 | 546