info@ubtuit.uz
(0362) 224 61 37

Viloyat OTMlarida ta'lim-tarbiya jarayonining borishi mavzusida matbuot anjumani o'tkazildi

admin | 21-11-2017 | 118

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash, respublikada oliy ta’lim tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning ommaviy axborot vositalari (OAV)da keng yoritilishiga erishish, davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 11 martdagi “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida Axborot xizmatlari faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida”gi 136-sonli buyrug‘ida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2017 yil 17 noyabr kuni soat 10:00da Urganch davlat universiteti ma’naviyat xonasida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida “Oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar: viloyat OTMlarida ta’lim-tarbiya jarayonining borishi” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Matbuot anjumani Xorazm viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida olib borilayotgan islohaotlar bilan tanishtirildi.
Bugungi kunda Xorazm viloyatida 3 ta oliy ta’lim muassasalari Urganch davlat universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali, Muhammad al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali faoliyat yuritmoqda. Xorazm viloyati oliy ta’lim muassasalari tomonidan viloyat ijtimoiy-iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi, qurilish va ta’lim soxalariga mutaxassislar etkazib bermoqda. Urganch davlat universitetida bugungi kunda 45 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida va 17 ta magistratura mutaxassisliklarida, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialida 5ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida va 1 kursda 13 ta, II kursda- 26 ta klinik ordinatura mutaxassisliklarida, Muhammad al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida 5 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida va 2 ta magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlanmoqda. Ushbu kadrlar hozirgi kunda viloyatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli isloxotlarni amalga oshirishda xizmat qilmokdalar. 
Bugun yurtimizda oliy ta’limni takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va modernizatsiyalash, ularni o‘quv va ilmiy-laboratoriya jihozlari bilan to‘liq ta’minlash, ilg‘or pedagogik texnologiyalar va o‘qitish shakllarini joriy etish hisobiga oliy ma’lumotga ega mutaxassislarni tayyorlash sifatini tubdan yaxshilashga katta e’tibor qaratilmoqda. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ- 2909-son qarori oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, kadrlar tayyorlashning ma’no-mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida oliy ta’lim tizimini kelgusida yanada takomillashtirish va kompleks rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan. 

Urganch davlat universitetida 2017-2018 o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul kvotalari umumiy soni 1730ta o‘rindan 2000ta o‘ringacha, magistraturada esa 28ta o‘rindan 58ta o‘ringacha oshdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 avgustdagi “Oliy ta’lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishida maxsus sirtqi bo‘limlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3183-son qaroriga muvofiq Urganch davlat universitetida 7ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 602 nafar hamda ikkinchi oliy ma’lumotni sirtqi ta’lim shakliga 90dan ortiq talaba qabul qilindi. 

SHunindek, bu yil universitetda 4 ta yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, jumladan “Engil sanoat texnologiyalari va jihozlari”, “Qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish”, “Agronomiya (sabzavotchilik va polizchilik)”, “Dorivor o‘simliklarni etishtirish va qayta ishlash texnologiyasi” hamda 2 ta magistratura mutaxassisligi, ya’ni “Fizika (yo‘nalishlar bo‘yicha)” va “Matematik injiniring” ochildi. Jumladan, “Matematik injiniring” magistratura mutaxassisligi hozirgi kunda Markaziy Osiyo davlatlarida mavjud emas. Mazkur mutaxassislik ERASMUS+ dasturi asosida “ECCUM” loyihasi asosida Evropa xamkor universitetlari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. 

O‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash - ta’lim jarayonining sifatini oshirishning muhim poydevori sanaladi. SHu o‘rinda ta’kidlash joizki, hozirgi kunda universitet fakultetlari biologiya, kimyo, fizika, mashina detallari, avtomobilsozlik, kimyoviy texnologiya fanlari bo‘yicha ham zamonaviy, jahon andozalariga javob beradigan o‘quv laboratoriya komplekslari bilan ta’minlandi. Eng muhimi, ushbu laboratoriya uskunalaridan nafaqat universitet talabalari, balqim akademik litsey o‘quvchilari hamda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida ta’lim olayotgan xalq ta’limi tizimi pedagog xodimlari ham faol foydalanmoqdalar. Umuman olganda, universitetni 2017-2021 yillarda rivojlantirish dasturida o‘quv-laboratoriya jihozlarini modernizatsiya qilish, hususan 5 yil davomida oziq-ovqat texnologiyalari, mashinasozlik, mexanika, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash va dastlabki qayta ishlash texnologiyasi kabi fanlar bo‘yicha 3 mlrd. so‘mdan ortiq hajmdagi mablag‘larni o‘quv-laboratoriya bazasini yangilashga rejalashtirilganligi natijasida ta’lim va ilm-fan integratsiyasini yanada kuchaytirish, talabalarni zamonaviy amaliy bilimlar bilan qo‘rollantirish imkoniyatlari sezilarli darajada kengayib bormoqda. 

Universitetda ilm-fan va ta’lim sohasida xalqaro xamkorlikni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. 2017 yilda universitetda jami 17 nafar professor-o‘qituvchi va katta ilmiy xodim, magistrlar AQSH, Germaniya, YAponiya, Ispaniya, Portugaliya, Koreya, Rossiya kabi mamlakatlarning nufuzli universitetlariga malaka oshirish, stajirovka va ilmiy -tadqiqot ishlarini bajarish uchun yuborildi. 

So‘nggi yillarda universitetda ilmiy salohiyat oshirish sohasida ham istiqbolli rivojlanish dasturlari amalga toshirilmoqda. Hususan, 2014 yilda universiteda 8 ta katta ilmiy xodim-izlanuvchi va 2 ta mustaqil izlanuvchi faoliyat olib borgan bo‘lsa, 2015 yilda ularning soni mos holda 13 ta 4 ta ni, 2016 yilda 23 va 7 tani, 2017 yilda esa mos ravishda 35 va 10 nafarni tashkil etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 martdagi “Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2834 qaroriga muvofiq Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga Muhammad al-Xorazmiy nomi berildi. Bu qaror bilan universitet va uning hududiy filiallari iqtidorli talabalari uchun beriladigan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya ta’sis qilindi, “Muhammad al-Xorazmiy avlodlari” nomli ilmiy jurnal nashr etila boshlandi. 2017-2018 o‘quv yilida Muhammad al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul kvotalari umumiy soni 185 ta o‘rindan 225 ta o‘ringacha oshirildi, hamda 2 ta yangi “Kompyuter injiniring (Kompyuter tizimlarini loyihalash), Telekommunikatsiya injiniringi (Telekommunikatsiya tarmoqlari) magistratura mutaxassisliklari ochildi. YAngi ochilgan mutaxassisliklar ta’lim jarayonini talab darajasida tashkil qilish uchun zarur me’yoriy xujjatlar, o‘quv-uslubiy adabiyotlar va o‘quv-laboratoriya jihozlari hamda o‘quv texnikasi bilan ta’minlandi. “Telekommunikatsiya uzatish tizimlari” laboratoriyasi raqamli kommunikatsiya tizimlarini sinxronlash, liniyalarni kodlash, raqamli kommunikatsiya tizimi tarkibi va komplektatsiyasi stansiyasini ishga tushirish, Trank terminali tuzilish sxemalarini hamda GSM, CDMA standartidagi mobil terminallarning tuzilishini o‘rganish imkoniyatini yaratadi. SHu bilan birga “Elektronika” laboratoriyasi National Instruments firmasining 5 ta LabViev virtual laboratoriya qurilmalari, Virtual talim laboratoriya xonasi Huawei kompaniyasining multimediya o‘quv jixozlari bilan jixozlandi. Bugungi kunda 1105.4 mln. so‘mlik “Fizika“ bo‘yicha o‘quv-laboratoriya kompleksi va 415.2 mln. so‘mlik “Elektrotexnika va elektronika asoslari” bo‘yicha o‘quv-laboratoriya kompleksini keltirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 
Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik natijasida ulardan taklif qilinayotgan professor-o‘qituvchilar talabalarga ma’ruza mashg‘ulotlarini o‘tkazishmoqda. Jumladan, Rossiya Federatsiyasining R.R.Vreden nomidagi travmatologiya va ortopediya ilmiy tekshirish instituti professori A.S.Kalyabu, Janubiy Koreya Respublikasi Asan gospitali professori YU.Xan xirurgiya bo‘yicha va Toshkent tibbiyot akademiyasidan ftiziatriya, pediatriya, psixiatriya bo‘yicha mutaxassislar talabalarga ma’ruzalar o‘qishdi. Xalqaro aloqalar bo‘yicha TTA Urganch filiali bilan I.YA. Gorbachevskiy nomidagi Ternopol( Ukraina) davlat tibbiyot universiteti va Toronto funksional nevrologiya instituti (Kanada) bilan tajriba almashish, ilmiy tadqiqot, klinik ishlari jihatidan hamkorlik shartnomasi imzolandi. Bundan tashqari I.P.Pavlov nomidagi 1- Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti bilan ilmiy, o‘quv va davolash ishlari bo‘yicha memorandum imzolandi. 
Umuman olganda bu boradagi ishlar, istiqbolli vazifalarning ijrosi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish, yoshlarimiz bilan olib borilayotgan tarbiyaviy jarayonlar, xususan, oilada va jamoada mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini, yuksak ahloqiy va ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy va intellektual salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi ishlarga uyg‘unlashgan holda davom etmoqda. 
Oliy ta’lim muassasalarida iqtidorli talabalar va ularning ilmiy rahbarlarini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli talabalar bilan ishlashni yanada takomillashtirish, ularga o‘z bilimlarini namoyon etish va rivojlantirishga keng imkoniyat yaratilgan. Birgina 2017 yilda Urganch davlat universiteti yoshlari ko‘pgina yo‘nalishlarda o‘zlarining qobiliyat va intellektual salohiyatlarini namoyon etib, katta yutuqlarni qo‘lga kiritdilar. Jumladan, 2 nafari Navoiy, 1 nafari Ulug‘bek, 1 nafari Beruniy,1 nafari Islom Karimov davlat stipendiyasi sohibi bo‘lishdi. 10 nafar talabalarimiz respublika fan olimpiadalari g‘oliblari bo‘lishdi. 

Muhammad al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali talabalari orasidan shu kungacha 7 nafar Beruniy nomidagi stipendiantlar, 15 nafar O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnalogiyalari va qommuniqatsiyalarni rivojlantirish vazirligi stipendiantlari, va bir nafar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiyasi soxibi va 10 nafar O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan fan olimpiyadalari g‘oliblari va sovrindorlari etishib chiqishgan. Bundan tashqari xar yili o‘tkaziladigan Dasturlash bo‘yicha Jaxon chempionatida filial talabalari O‘zbekiston respublikasidagi oliy ta’lim muassasalari orasida etakchi o‘rinni egallab Dasturlash bo‘yicha jaxon chempionatining yarim finalida munosib qatnashib kelmoqdalar. 

TTA Urganch filiali talabalari orasidan shu kungacha 2 nafar Prezident stipendiyasi, 7 nafar Ibn Sino nomidagi stipendiya, 4 nafar Respublika SHifokorlar Assotsiatsiyasi stipendiyasi sovrindorlari etishib chiqishgan. 

Urganch davlat universitetidagi sportchi-yoshlarning respublika va xalqaro maydonlardagi sport musobaqalarida faol qatnashib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritayapdilar. YAqinda (17-27 sentyabr kunlari) Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan YOpiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi safida ishtirok etgan xorazmlik yigit-qizlarning 6 nafari universiteti talabalari hisoblanadi. Ushbu nufuzli sport musobaqalarida ular munosib ishtirok etib, 3 ta oltin, 2 ta kumush. 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdilar. 

Zero, bugungi kunda faqat yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual rivojlangan hamda professional tayyorgarlikka ega bo‘lgan yoshlargina sifatli, jadal va innovatsion taraqqiyotning eng muhim sharti va garovi bo‘la olishi, aynan ular mamlakatning buyuk kelajagini ta’minlashi mumkinligini har bir pedagog xodim chuqur anglagan holda yoshlar ta’lim-tarbiyasida faollik ko‘rsatishga bel bog‘lashgan. 
Matbuot anjumanida Urganch davlat universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Djumaboyeva Dilfuza