info@ubtuit.uz
(0362) 224 61 37

Professor-o’qituvchi, xodim va talabalarning kiyinish madaniyati to’g’risida

admin | 2016-02-03 | 1280

Professor-o’qituvchi, xodim va talabalarning kiyinish madaniyati to’g’risida

NIZOM

I. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Mazkur Nizomning maqsadi - universitetda professor-o’qituvchi, xodim (kabinet mudirlari, laborantlar, kotibalar, bo’lim xodimlari) hamda talabalar uchun tartibli kiyinish me’yorlarini belgilash, universitetdagi sog’lom ma’naviy, ijtimoiy-psixologik muhit barqarorligini ta’minlash, kasbga nisbatan va o’zaro hurmat munosabatlarini mustahkamlashdan iborat.
1.2. Ushbu Nizomning talablari barcha professor-o’qituvchi, xodim (kabinet mudirlari, laborantlar, kotibalar, bo’lim xodimlari) hamda talabalar uchun majburiy hisoblanadi.
1.3. Talabalikka va ishga qabul qilinayotgan har bir shaxs Nizomda ko’rsatilgan “Qoidalar” bilan tanishib chiqishi hamda unga rioya qilishni o’z zimmasiga olib imzo qo’yishi shart.

II. PROFESSOR-O’QITUVCHI, XODIM VA TALABALARINING KIYINISHIGA QO’YILADIGAN TALABLAR

2.1. Dunyo miqyosida qabul qilingan xizmat protokoli qoidalariga muvofiq jiddiy, ishchan va didli, ziyoli shaxs qiyofasini shakllantirish maqsadida korporativ kiyinish uslubi talablariga amal qilinadi.
2.2. Universitetga orasta bo’lib, unga monand kiyimda kelish talab etiladi.
2.3. Tanaga bodiard uslubda turli suratlar chizdirish, tatuaj va pirsinglar tushirish odob-axloq qoidalariga zid hisoblanadi hamda universitetga bu holda kelish ta’qiqlanadi.

III. PROFESSOR-O’QITUVCHI, XODIM VA TALABALARNING KIYINISH QOIDALARI

3.1. Ayol professor-o’qituvchi, xodima va talaba qizlar uchun:
3.1.1 Ustki kiyimning turlari - bichimi ortiqcha bezaklardan xoli, klassik shakldagi kostyum, yubka, bluzka va ko’ylakdan iborat.
3.1.2. Kostyum, yubka va ko’ylaklar qora, kulrang, ko’k ranglardagi sidirg’a yoki chiziqli klassik matolardan, bluzka esa oq rangda bo’lishi lozim. Yubkaning uzunligi tizzadan yuqori bo’lmasligi kerak.
3.1.3. Aksessuarlar (sumka, ko’zoynak va bezaklar) ham korporativ uslubga mos holda tanlanishi, ortiqcha bezaklardan xoli bo’lishi, zargarlik taqinchoqlari (zirak, uzuk, munchoq va boshqalar) ko’zga yaqqol tashlanmaydigan, nozik, nafis va sipo shaklda did bilan taqilishi lozim.
3.1.4. Sochlar orasta yig’ilgan, o’rilgan yoki turmaklangan, ortiqcha aksessuarlardan xoli bo’lishi kerak.
3.2. Erkak professor-o’qituvchi, xodim va talaba yigitlar uchun:
3.2.1. Ustki kiyimning turlari - bichimi klassik shakldagi kostyum, shim, ko’ylak hamda galstukdan iborat.
3.2.2. Kostyum va shimlar qora, kulrang, ko’k ranglardagi sidirg’a yoki chiziqli matolardan, ko’ylaklar esa ochiq ranglarda (oq, kulrang, ko’k) bo’lishi lozim.
3.2.3. Galstukning kengligi o’rtacha, uzunligi kamargacha bo’lib, rangi kostyum va ko’ylakka mos tanlanishi kerak.
3.2.4. Talaba yigitlar talabaga mos, ruchka, qalam, kitob, daftarlar solib yurish mumkin bo’lgan, rangi ustki kiyimga yarashimli qora, kulrang, jigar rangdagi sumka-portfellar tutishlari lozim.


IV. PROFESSOR-O’QITUVCHI, XODIM VA TALABALARINING KIYINISHIDA MAN QILINADIGAN HOLATLAR

4.1. Ayol professor-o’qituvchi, xodima va talaba qizlar uchun:
4.1.1. Uzunligi tizzadan kalta bo’lgan, harir, shaffof va yaltiroq matolardan tikilgan, bichimi tor, badanga yopishib turadigan, ko’krak, qorin, yelka qismi ochiq bluzka va ko’ylaklar kiyish;
4.1.2. Bezak sifatida ma’naviy-axloqiy tarbiyaga mos kelmaydigan yozuvlar, turli reklama ma’lumotlari, davlat ramzlari, zo’ravonlik, fahsh elementlarini targ’ib qiluvchi rasmlar va yozuvlar aks etgan, rusum sifatida “yirtilgan”, “titilgan” va jinsi matosidan tikilgan kiyimlarda yurish;
4.1.3. Universitet hududida sport kiyimlari, kalta shim va krosovkalarda yurish (jismoniy tarbiya darslari va darsdan so’ng TTJ binosi, sport maydonchalari va hasharlardan tashqari);
4.1.4. Hijob va boshqa diniy kiyim-boshlarda yurish;
4.1.5. O’quv anjomlarni ro’zg’or, bozor-o’char uchun mo’ljallangan paket-xaltalarda olib yurish;
4.1.6. Quloq va barmoqlardan tashqari tananing turli qismlariga zirak yoki metall buyumlar taqib yurish.
4.2. Erkak professor-o’qituvchi, xodim va talaba yigitlar uchun:
4.2.1. Bichimi tor, yaltiroq, badanga yopishib turadigan hamda ma’naviy-axloqiy tarbiyaga mos kelmaydigan yozuvlar, turli reklama ma’lumotlari, davlat ramzlari, zo’ravonlik, fahsh elementlarini targ’ib qiluvchi rasmlar va yozuvlar aks etgan, rusum sifatida “yirtilgan”, “titilgan” va jinsi matosidan tikilgan kiyimlarda yurish;
4.2.2. Universitet hududida sport kiyimlari, kalta shim va krosovkalarda yurish (jismoniy tarbiya darslari va darsdan so’ng TTJ binosi, sport maydonchalari va hasharlardan tashqari);
4.2.3. O’quv anjomlarni ro’zg’or, bozor-o’char uchun mo’ljallangan paket-xaltalarda olib yurish;
4.2.4. Soch-soqollarni o’stirib yurish;
4.2.5. Bo’yin taqinchoqlari yoki turli metall buyumlarini osib yurish.