info@ubtuit.uz
(0362) 224 61 37

«Best Soft Challenge-2017» eng yaxshi dasturiy ta’minot vositalari tanlovi natijalari

2013 yildan boshlab o‘tkazib kelinayotgan tanlovda 25 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalarining talabalari, shuningdek, oliy ma’lumoti yo‘q shaxslar ishtirok etishi mumkin. Tanlovning guruhli ishtirokida 3 kishidan iborat guruhlar o‘z loyihalari bilan ishtirok etishdi.

Bu yil tanlov shakliga bir oz o‘zgartirishlar kiritilgan. Shu vaqtga qadar ishtirokchilar tanlovda tayyor dasturiy yechimlar bilan ishtirok etishgan va pul mukofotlarini qo‘lga kiritishgan bo‘lsa, endilikda ishtirokchilar tanlov hay’atiga nominatsiyalar bo‘yicha o‘zlari ilgari surayotgan ishlanmalarning loyihalarini va g‘oyalarini ham taqdim etishlari mumkinligi belgilandi.

2017 yilning 4 avgustidan 31 oktyabriga qadar tanlovning I bosqichi – ishtirokchilarni ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu bosqichning yakuniga ko‘ra software.uz portaliga tanlov bo‘yicha 306 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, shulardan 40 tasi tanlovning final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

2017 yilning 3-15 noyabr kunlari tanlov jyuri a’zolari tomonidan dastlabki saralash tadbirlari o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, UZINFOCOM Markazi, TATU, Toshkent shahridagi INXA universiteti va «BePro» dasturchilar Markazi vakillari jyuri a’zolari sifatida ishtirok etdi. Ushbu bosqich doirasida kelib tushgan arizalar tanlovni o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizom qoidalariga muvofiq ko‘rib chiqildi.

Tanlovning final bosqichi 2017 yilning 30 noyabri va 1 dekabr kunlari Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti binosida o‘tkazilgan bo‘lib, unda Toshkent shahri va respublikamizning 5 ta viloyati (Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona va Xorazm) ishtirokchilari o‘z loyihalarini shaxsan hamda video konferensiya orqali namoyish qilishdi.

Tanlovning yakuniy bosqichi natijalariga ko‘ra jyuri a’zolari tomonidan quyidagi tanlov g‘oliblari aniqlandi:
Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali "Kompyuter injiniring" fakulteti 914-15 guruh talabasi Mengliev Davlatyor Baxtiyorovich «Delivery System» – savdo nuqtalari bo‘yicha mahsulotlarni yetkazib berishni nazorat qiluvchi tizim yaratganlkigi uchun 2-o'rin bilan taqdirlandi.

admin | 20-12-2017 | 2327